Ish haqida
To’q ko’k, qizil, yashil, qora ranglar uyg’unligi asosida tikilgan ushbu do’ppi, xalq orasida “iroqi do’ppi” deb yuritiladi. Bunga sabab uning tikilish uslubidir: kashta iplari sug’irilib to’r holiga keltirilgan mato (surp)ga rangli ingichka ip bilan iroqi chok tushirilgan. Undagi chok xuddi lotin alifbosidagi “X” harfini eslatadi. Ichki qismiga astar tikilib, tepa va kizag qismi birlashtirilgan. Kizag qismini yanada bezakdor qilish uchun uning pastki qismida yashil rangli jiyak (ensiz tasma, do’ppining kizagiga turli naqsh mujassamoti yordamida bezak beriladi) tikilgan. Yuza qismida “chayon gul” va “shopqilich” ornamenti tushirilgam. Bu naqsh temuriylar davrida ommalashgan bo’lib, asosan Amir Temur tomonidan Iroqdan keltirilgan ustalar naqsh bezagini yanada boyitgan.